Ijtimoiy tarmoqlarning birida
onalar to'g'risida ta'sirli hikoya
o'qib qoldim. Uning muallifi,
yozilgan sanasi, qaysi
mamlakatda bo'lib o'tgani,
to'qimami yoki bo'lgan voqeami
– noma'lum. Biroq onalarni
e'zozlash, ularning qadriga
etishga undaydigan, kishini o'yga
toldirar ekan:
“Ertalab choy ichib o'tirgandim.
Ayolim kelib, yonimga o'tirdi.
Piyolaga choy quyib uzatarkan,
asta gap boshladi:
- Dadasi, bugun boshqa bir
ayolni kechki ovqatga taklif
qilishingizni istayman.
Chaynab turgan nonim tiqilib
qolayozdi.
-Tinchlikmi, onasi? Qanaqa ayol
bilan kechki ovqatga boraman,
ko'rganlar nima deydi, esingni
edingmi? - dedim o'zimni
o'nglab.
- Men sizni qattiq sevaman,
xammadan qizg'onaman, lekin
aniq bilamanki, u ayol sizni
mendan-da ortiq sevadi, va siz
bilan bir soniya bo'lsada birga
suhbat qurib, diydoringizga
to'yishni istaydi. Bu inson sizning
onangiz, - dedi ayolim.
Chuqur o'yga tolib qoldim.
“Mana 19 yildirki, onam
dadamsiz, birgina ukam bilan
qishloqda yashaydi. Uchta bola
va ayolimni yaxshi kiyintirib,
yaxshi boqaman, deb biror marta
onamga tuzukroq e'tibor
bermabman. “O'g'il bo'lmay ket,
tur o'rningdan”, deya o'zimni
o'zim koyib o'rnimdan turdim.
Telefonimni olib onamga
qo'ng'iroq qildim.
Onam go'shakni ko'tariboq:
“Tinchlikmi, bolam, nima bo'ldi,
buncha barvaqt telefon qilding”,
- deb qoldilar.
- Onajon, xavotirlanmang. Faqat
yomon narsa bo'lishi kerakmi,
saharlab qo'ng'iroq qilishim
uchun? Sizni sog'indim, - dedim
nafasim qisilib.
Onam quloqlariga ishonmadilar
shekilli. Chunki bu gapni ancha
yillardan beri birinchi marta
aytishim edi.
- Bolam, gaplaring yoqmayapti.
Xuddi o'limidan oldin vasiyat
qiladiganlarga o'xshab gapirma!
Nima bo'ldi? - deya yana
so'radilar.
- Hech narsa emas, onajon.
Maylimi, bugun kechga sizni
biror restoranga kechki ovqatga
taklif qilsam? Ikkalamiz shu
oqshomni birga o'tkazsak?
- Bir oz jim qoldilar-da, “Jon-jon
deyman, bolam” - dedilar-da
piqillab yig'lab yubordilar.
Kechqurun mashinamga minib,
onamning uyi tomon
ketarkanman, xuddi uzoq kutgan
sevgilisi bilan uchrashuv oldidan
hayajonga tushib qoladigan
oshiqdek, balki undan ham
battar holga tushib, yuragim tez-
tez ura boshladi.
Еtib kelib to'xtaganimda havo
sovuq bo'lishiga qaramay, onam
darvoza oldida kutib turardilar.
- Onajon, nega chiqib oldingiz?
Kelib o'zim olib chiqardim,
sovuqda muzlabsiz-ku?
Onam kelib peshonamdan o'pib,
so'rashdilar-da, “Bolam, yuragim
toqat qilmay chiqib oldim”, -
dedilar.
Onam xuddi uchrashuvga
chiqqandek yasanib olgandilar.
Holatlarini ko'rib dam kulgim
kelardi, dam o'zimni yomon
ko'rardim: “Nega shu paytgacha
onangni bir marta bo'lsa-da
shunday xursand qilmading”, -
deb.
Mashinaga o'tirar ekanlar,
“Dugonalarimga bugun o'g'lim
meni restoranga taklif qildi,
desam hammasining menga
havasi keldi”, - dedilar.
Shahar markazidagi shinamgina
restoranga kirdik. Kirar ekanmiz,
onam qo'limdan ushlab olib,
viqor bilan, xuddi shaharning
birinchi raqamli xonimidek yurib
borardilar. Ko'zlaridagi
quvonchni yashirishning imkoni
yo'q edi. Stolga o'tirar ekanmiz,
menyuni olib o'qidim. Onam
ancha ko'zdan qolibdilar, faqat
katta harflarni ko'ra oldilar
xolos.
- Sen bolaligingda o'qishni
bilmasding, menyuni men
o'qirdim, sen esa erkalanib biror
narsa tanlaguningcha ancha vaqt
o'tardi, endi esa sening navbating
kelibdi, - dedilar onam uzoq
o'tmishni eslab.
Suhbat qurib uzoq o'tirdik. Vaqt
allamahal bo'lganini ham
sezmabmiz. Qalbimda qandaydir
shirin xotiralar, notanish iliqlik
jo'sh ura boshladi. Qanchalar
ajoyib kecha bo'ldi. “Shunday
ayolni nega shu paytgacha bir
marta bo'lsa-da restoranga taklif
qilmabman? Bu shunchalar
ajoyib ekan-ku”, - deya o'zimni
o'zim tergay boshladim. Onamni
uylariga qo'yar ekanman,
“Bolam, sen bilan yana o'sha
erga borishni istayman”, -
dedilar.
- Bajonidil, onajon, unda
kelayotgan haftada boramiz, -
dedim.
- Lekin bu safar man to'layman
restoranning pulini, - dedilar
qaysarlik bilan.
- Mayli, onajon, siz nima
desangiz shu, - dedim.
Uyga qaytganimda ayolimga
rahmat aytdim, axir u menga
ajoyib bir oqshomni o'tkazishda
katta yordam berdi-da.
Oradan ikki kun o'tmay saharda
ukam telefon qilib, “Aka, tez
keling, onamning yuraklari xuruj
qildi”, - deb qoldi.
Onamni tirik ko'rish nasib
qilmadi. Borgunimcha jonlari
uzilibdi. Ma'rakalardan keyin
ukam bir konvert tutqazdi, onam
berib qo'ygan ekanlar. Ochdim.
U erda bir parcha qog'ozga xat
qoldiribdilar:
“Bolam, va'da qilganimdek,
avvaldan borib restoranga ikki
kishilik kechki ovqatni hisoblatib,
pulini to'lab keldim. To'lov
qog'ozi ham shu erda. Balki
o'sha kungacha men etib
bormasman. Lekin sen albatta
ayolingni olib o'sha erga borgin.
Ikkalamiz o'tirgan joyda”...
Hikoya so'ngida ko'zlarimga yosh
qalqdi. Qani edi bu qadar ta'sirli
hikoyalarni o'z onasining
qadriyaga etmayotganlar o'qisa,
ularning qadr-qimmatini joyiga
qo'ysa. Garchi bu dunyoda
onalarni e'zozlamaydigan millat
bo'lmasa ham, ayrim kishilar
borki, ularga bu haqda har kuni
bong urib turish lozimdek.
Buni qarangki, bosh
qomusimizdagi bir modda ham
aynan ana shunday kishilarga
mo'ljallangan ekan: “Voyaga
etgan, mehnatga layoqatli
farzandlar o'z ota-onalari haqida
g'amxo'rlik qilishga
majburdirlar” (66-modda). Bu
moddani o'zimcha hammaga
ham taalluqli emas, deb
tushundim. Uni qalbi ezgulikdan
mahrum, adashganlar yoki
unutganlar uchun eslatma,
ogohlantirish deb qabul qilish
mumkin, nazarimda. Chunki
yaxshilarga yaxshilik qil, deb
aytishning hojati yo'q. Ular hech
bir ishni yaxshilik deb bajarmaydi
– ularning hayot tarzi ezgulikka
qurilgan. Ammo guruch
kurmaksiz bo'lmaganidek, ayrim
kimsalar borki, har kuni, har
daqiqada ularga munis va
mo''tabar zot bo'lmish onalarga
yaxshilik qilish lozimligini eslatib
turish zarur. Zero onalarimiz –
omonatlarimiz.