Saytni Yuklab bo'lmadi
Doim go`zal bo`lishni istaydigan har bir ayol taqinchoq va aksessuar tanlashni o`zi uchun eng zavqli yumush, deb biladi. Husnimizga husn qo`shib turuvchi zeb-ziynatlarni bexato tanlay bilish, deylik, zirak, munchoq yoki uzuk bizning o`ziga xos fe`l-atvorimiz va tashqi ko`rinishimizga mos bo`lishi yuksak did sohibi ekanligimizdan darakdir. Bordi-yu, taqinchoq tanlashda faqat urf ketidan quvib, uning yuz tuzilishi va qomatimizga mos kelish-kelmasligini unutib qo`ygudek bo`lsak, bu mukammal obraz yaratish borasidagi urinishlarimizni chippakka chiqarishi mumkin. Shuning uchun ham ko`z qorachig`idek asrab-avaylanadigan taqinchoqlar tanlovi borasida ayrim qoidalar, sir-asrorlardan boxabar bo`lgan ma`qul.
Zirak, ya`ni sirg`a — ayollarning eng sevimli taqinchoqlaridan biri. Yuzi dumaloq ayollarga uning cho`zinchoq, uzun, ingichka osma shakldagilarini taqish tavsiya qilinadi. Bo`yningizgacha osilib turuvchi bunday ziraklar yuzingizni nisbatan ozg`inroq, bo`yningizni uzun qilib ko`rsatadi. Halqali, dumaloq shakldagi ziraklar esa sizga to`g`ri kelmaydi. Chunki bunday sirg`alar yuzingiz tuzilishi haqida yana ham “kattaroq” tasavvur uyg`otadi.
Uchburchaksimon yuzli opa-singillarimizga murakkab geometrik shakldagi ziraklar mos keladi. Ularga ingichka osma, uchburchak sirg`alar tavsiya etilmaydi. Chunki bunday taqinchoqlar yuzni keragidan ortiq darajada ozg`inlashtirib yuboradi.
Yuzining shakli to`rtburchak ayollarga cho`zinchoq, ko`pburchakli ziraklar to`g`ri keladi. Ularga uchburchak, yulduzcha, kvadrat shaklidagi ziraklar tavsiya etilmaydi.
Agar yuzingiz cho`zinchoqroq bo`lsa, dumaloq, katta halqali ziraklar tanlashingiz kerak. Uzunchoq osma ziraklarni tanlamaganingiz ma`qul, chunki bunday sirg`alar yuzingizni yanada cho`zinchoq qilib ko`rsatadi.
Yonoqlari biroz bo`rtib turadigan, dahani uzunroq ayollar ko`p qirrali, halqali, murakkab tuzilishdagi ziraklarni taqsalar, maqsadga muvofiqdir.
To`g`ri oval yuz sohibalariga esa har qanday taqinchoq turi mos tushadi.
Munchoqlar esa bo`yin tuzilishi, ko`ylakning old qirqimiga qarab tanlanishi lozim. Bo`yningiz nozik va uzun bo`lsa, sizga kalta munchoqlar, donalari katta-katta, kalta marjonlar, bo`yningizga yopishib turuvchi taqinchoqlar taqish tavsiya qilinadi. Yana sizga uch-to`rt qavatli osilchoq munchoqlar ham juda yarashadi.
Agar bo`yningiz yo`g`onroq va kalta bo`lsa, sizga V shaklidagi qalin zanjirlar, bo`yindan ko`krak qismigacha osilib tushadigan munchoqlar mos keladi. Bo`yinga yopishib turuvchi kalta taqinchoqlar esa sizga atalmagan. Shuningdek, bo`yniga ajin tushgan xonimlar ham uzunroq taqinchoqlar taqishlari kerak. Zero, bu bilan nuqsonli joyga urg`u berishdan qochgan bo`lasiz.
Munchoq tanlashda bo`yningiz tuzilishini hisobga olish bilan birga yana bir e`tiborni ko`ylak yoqasining o`ymasiga qaratishingiz lozim. Quyidagi suratlar yordamida kiyimingiz yoqasi qirqimlariga moslab, qanday taqinchoq taqishingiz mumkinligini o`rganib olishingiz mumkin.
Taqinchoq tanlashda adashmang!
1.Hech qachon bir vaqtning o`zida har xil metalldan tayyorlangan taqinchoqlarni taqmang. Masalan, kumush zirak bilan, albatta, kumush munchoq yoki uzuk taqish lozim.
2.Bir vaqtning o`zida faqat bir xil rangli, yorqin ko`rinishga ega toshdan yasalgan taqinchoqlarni taqishingiz mumkin.
3.Shuni yodda tutish kerakki, bir vaqtning o`zida uchtadan ortiq taqinchoq taqish tavsiya etilmaydi.
Deb xabar tarqatadi quydagi manba.