Saytni Yuklab bo'lmadi
Erkak va ayol ikki xil sayyoradan kelganga o’xshaydi: ularning fe’l-atvori shunchalik farq qiladi-ki, bir-birini tushunishi har doim ham oson kechmaydi. Quyida oilamiz posboni bo’lmish erkaklarni tushunish va ularning e’tibor va hurmatiga sazovor bo’lish uchun qanday yo’l tutish kerakligi xususida so’z yuritamiz.
Erkak kishining shaxsiy hududi bo’lishi kerak
Oilaviy munosabatlarda er ayolini bosim ostida ushlashi, ayol esa erini haddan ortiq nazorat qilishi turli nizolarga olib keladi. Aksincha, bir-biriga bo’lgan e’tiborning kamayishi esa munosabatlar sovishiga sabab bo’ladi. Odatda, haddan ortiq e’tibor ko’rayotgan erkak o’zini erkin his qila olmaydi, ayollar esa, aksincha, turmush o’rtog’ining diqqat markazida bo’lishni istashadi.
Erkak va ayol oilaviy munosabatlarni turlicha talqin etishadi. Eringiz sizni qanchalik sevmasin, do’st va og’aynilari bilan uchrashib turishdan, futbol o’yinlariga borishdan bosh torta olmaydi. Axir, erkaklar do’stlar davrasida bir piyola choy ustida gaplashib o’tirishni, ko’ngil yozishni xohlaydi. Shunday ekan, kuniga 24soat davomida eringiz atrofida girdikapalak bo’lmay, bo’sh vaqtingizda biror ish bilan shug’ullaning: sport, fitnes, go’zallik salonlariga tashrif buyurish, pishiriqlar kursiga yozilish, til o’rganishni boshlash mumkin.
Doim o’zingizga oro berib yuring
Turmush qurgach, ko’pchilik ayollar o’zlariga e’tibor berishni yo unutib qo’yadilar, yo bunga vaqt sarflashga erinadilar. Erkaklar ko’zlari bilan sevishi bot-bot takrorlanadi! Faqat ko’chaga chiqishdan oldin emas, balki turmush o’rtog’ingiz ishdan qaytishiga chiroyli va ozoda kiyinib, yengil makiyaj surtsangiz bas.
Uni qo’llab–quvvatlang va og'ir vaziyatda dalda bo'ling
Har bir munosabat muvozanat va uyg’unlik bo’lishini talab etadi. Shuning uchun, me’yorni biling: kuniga bir mahal qo’ng’iroq qilib, turmush o’rtog’ingizdan xabar oling. Uning muvaffaqiyatlari va omadsizlikka uchraganlari haqida so’rang, ularga qiziqish bildiring. Kerak bo’lsa, qo’llab-quvvatlang. Shirin so’zingizni ayamang. To’g’ri, erkaklar o’z omadsizliklari haqida gapirishni istamasliklari mumkin, lekin har qanday holatda ham siz uning yonida ekanligingizni unutmasligi lozim, chunki erkaklar ularni tushunadigan ayolni yo'qotishni sira istashmaydi.
Rashk qilmang!
Ayollar ba’zida haddan ortiq yomon gumonga borishadi va turmush o’rtoqlarini bo’lar-bo’lmasga rashk qilishadi. Rashk sevishingizning isboti bo’la olmaydi. Bunday vaziyatlarda ko’pgina erkaklar o’ta g’azabga tushishadi. Shunday ekan, bunga asosli sabab bo’lmasa, rashk bilan hazillashmaganingiz ma’qul. Psixologlar ta’kidlashicha, rashkning asosiy sababi – insonning o’ziga bo’lgan ishonchi pastligi. Rashkchi ayollarga eri xuddi yaqin orada boshqa ayol topib oladigandek tuyuladi. Ayollar, o’zingizni bosing, o’zingizni eng go’zal deb hisoblash uchun nima qilish kerak bo’lsa, qo’lingizdan kelgancha bajaring. Ana shunda tinchlanasiz.
Turmush o’rtog’ingiz sizga kerakli ekanini his etsin
Har bir erkak o’zini qanchalik kerakli va yaxshi inson ekanligini isbotlagisi keladi. Ba’zi-ba’zida rol o’ynab, undan mayda narsalarni iltimos qilishingiz mumkin. Agar eringiz texnikani yaxshi tushunsa, dazmolingizni tuzatib berishini iltimos qiling. Texnikani yaxshi tushunmasa, unga bir ish qo’lingzidan kelmaydi deb, tana qilmang, chunki u biror sohada o’z ishining ustasi bo’lsa, boshqa sohada no’noqroq bo’ladi. Bunday paytda erkak kishi o’zini zaif his etmasligi zarur.
Moliyaviy muammolarni to’g’ri tushunadigan beka bo’ling
Har bir erkak moliyaviy jihatdan o’ziga to’q bo’lish shart deb biladi. Uning ishlari, oylik maoshi, bergan sovg’asini tanqid qilish erkak kishinini haqorat qilish bilan barobardir. Ustiga-ustak, er-xotin munosabatlaringizga ancha putur yetadi. Bunig oldini olish uchun hamma narsani pul bilan o’lchayvermasdan, eringizga va uning rizqiga ishoning.
Gina saqlamang
To’g’ri, erkaklar biroz qo’pollik qilishi, xunuk so’zlarni ishlatishi mumkin, lekin turmush o’rtog’ingiz – farzandlaringiz otasini qanday bo’lsa, shundayligicha sevsangiz, eringiz sizning qadringizga albatta yetadi!