Saytni Yuklab bo'lmadi
Ko'zdan Kechirish
Ayol ishlasa, haddidan oshadimi?

Ayol jamiyatda o‘z o‘rnini topsa va qilgan ishiga yarasha moddiy manfaat ko‘rsa, u  o‘zidan qoniqish his qiladi, xarajatlarini qoplay boshlaydi, oilasining biror koriga yaraydi, ro‘zg‘orning bir uchini ko‘taradi, bilimi, malakasi va o‘ziga bo‘lgan ishonchi ortadi. Lekin oila boshlig‘i bo‘lgan erkaklar ko‘pincha bu gapni ma’qullashmaydi: ayol kishi ishlasa, haddidan oshar emish, dimog‘i balandlashib, ovozi jaranglay boshlarkan, agar turmush o‘rtog‘idan ko‘proq pul topsa, mensimay qo‘yarkan. Ba’zi oilalardagi munosabatlarga ko‘zgu tutsangiz, oilada erkak va ayol vazifalari almashib qolganini, ikki o‘rtadagi muvozanat yo‘qolib, er va xotin bir-birini pisand qilmay qo‘yganini ko‘ramiz.

«Kelinim o‘g‘limni mensimaydi»

Mahfirat aya, 60 yosh: — O‘g‘lim bilan kelinim ikkisi sevishib turmush qurishgan. Ikki farzandi bor. O‘g‘lim tadbirkorlik bilan shug‘ullanib, yegani oldida, yemagani ortida bo‘lib yashagan paytlari kelinim uchun o‘g‘limdan yaxshisi yo‘q edi. Biroq o‘g‘lim yaqin do‘stiga ishonib, «katta ish boshlaymiz» deb bor sarmoyasini befoyda bir ishga tikdi-yu, ishlari orqaga keta boshladi. Shundan beri har xil ishning boshini ushlab ko‘rayapti, omadi hech yurishmaydi. Kelinim hamisha katta yeb, katta gapirib o‘rgangani uchun sal yetishmovchilik bo‘lib qolsa, chidolmaydi. Qarz-qurs qilib bo‘lsa ham kiyim-kechak, kerakmas buyumlar sotib olaveradi. Ishga chiqqaniga endigina bir yil bo‘ldi, oylik maoshini faqat o‘ziga sarflaydi. Nasihat qilsam, yoqmayman.  Ro‘zg‘or xarajatlarini butunlayicha men va turmush o‘rtog‘im eplay olamiz. Er-xotin ikkovining urushi bolalar tarbiyasiga ta’sir qiladi, deb qo‘rqaman.

Lola, 33 yosh: — Turmush qurganimizga 10 yildan oshdi. Xo‘jaynimning yaxshi va yomon kunlarida yonida bo‘ldim, iloji boricha uni qo‘llab-quvvatlashga harakat qildim, oilaga foydam tegishi uchun ishga ham chiqdim. Lekin qaynota-qaynonamning yordamiyu mening pul topishim unga yoqib qoldi, tepsa-tebranmasga aylandi. Kun bo‘yi uyda o‘tiradi, biror ishga joylab qo‘ysak, «Men rahbar bo‘lganman, birovning qo‘liga qarab, qachon oylik berarkan, deb kutib o‘tirishga toqatim yo‘q», deb darrov bo‘shab oladi. Ota-ona o‘g‘lini yo‘lga solish o‘rniga kun bo‘yi meni unga yomonlab o‘tirishadi. Xuddi men ko‘chada o‘ynab yurgandek. Bolalar katta bo‘layapti, xarajatlari ko‘payib boryapti. Qaytona-qaynonamdan bolamning paypog‘i, rasm daftari uchun pul so‘rab o‘tirmayman-ku! Oilaviy kelishmovchiliklar tufayli asablarim qaqshaydigan bo‘lib qoldi, men ham hayotga bir marta kelaman, nima qilsam, avvalgi g‘ayrati o‘ziga qaytarkan? Agar ishlamasangiz, siz bilan ajrashaman deb qo‘rqitsammikan?

Ko‘zgu nima deydi? Mahfirat aya ko‘pni va uzoqni ko‘rgani uchun o‘g‘lining bugungi omadsizligini vaqtinchalik, deb biladiUndagi xotirjamlik ana shundan. Biroq o‘g‘ilning kibrli dangasaga aylanib borayotganini xaspo‘shlab bo‘lmaydi. 60 yoshdan oshib ham sog‘ligingiz, o‘z tinchligingizni o‘ylamay, kap-katta o‘g‘lining qo‘liga pensiyasini tutqazib yashashni to‘xtatishingiz kerak. Kelinim o‘zgarib qoldi, deyapsiz. Albatta, o‘g‘il bilan birga kelin ham ulg‘ayyapti. U bu oilaning barcha ikir-chikirlarini yoddan bilib, qaysi vaziyatda nima qilish va nima deyishni allaqachon o‘zicha hal qilib bo‘lgan. O‘g‘ilning o‘rniga hamma muammoni hal qilaversangiz, uning o‘rnidan turib, harakatga kelishi uchun hech qanday sabab topilmaydi-da! «Ishga chiqqandan keyin xotiningni tili chiqib qoldi» deyaversangiz, o‘g‘lingizning muammolari battar chigallashadi. Keliningiz bilan hamkorga aylaning, axir u o‘z oilasi va eriga yomonlik tilamasligi aniq-ku! Ota-ona va rafiqa birlashsa, o‘ziga bo‘lgan ishonchi so‘ngan erkakni yaxshi ishlarga ilhomlantirib, oyoqqa turg‘azishi mumkin!

Lola, erkakning omadi unga umrining oxirigacha hamrohlik qiladi. Tashvishga tushayotganingiz o‘rinli, ammo oila ustuni bo‘lgan erni ko‘pchilik oldida, ayniqsa, o‘z bolalari va ota-onasi oldida har xil gap-so‘zlar bilan yerga urib, hech nimaga erishmaysiz. Qancha mehnat va xizmat qilmang, hatto eringiz shunday muomalaga munosib bo‘lsa ham qaytona-qaynonangiz sizni oqlamaydi, keyinchalik esa gapingizga quloq osmaydigan, aybingizni yuzingizga soladigan, otasini hurmat qilmaydigan farzandlaringizdan nolib yurasiz. Qo‘ying, undan ko‘ra oyijoningiz va dadajoningizga maslahat solib, turmush o‘rtog‘ingiz o‘zi nima xohlayotganiga qarab, unga ko‘maklashing. Janjalni kamaytirib, yurakni keng qiling. Istagan odamingizdan so‘rab ko‘ring, har bir erkakning hayotida mana shunday iqtisodiy inqiroz pallasi bo‘ladi va buni turmush sinovi deb qo‘yibdi. Agar shu «musht»ga chap bersangiz, ko‘p yillik sevgingiz, oilangizni asrab qolasiz.

«Oyim dadamni hurmat qilmaydi»

Maftuna, 15 yosh: — Ikki ukam bor. Oyim bozorda kiyim-kechak sotadi. Dadam esa ikki kun bog‘chada, ikki kun maktabda qorovul bo‘lib ishlaydi. Dadam kechasi uxlamagani uchun kunduzi uyda dam oladi. Oyim esa ishdan kela solib, dadamni ishyoqmas, dangasa, hamma yerni yoyib o‘tiradi, ishida bir uxlasa, uyida yana bir uxlaydi, deb behurmat qiladi. Avvallari onam unaqa emasdi, otam ishdan kelganida chiroyli qilib dasturxon yozardi, kiyim-kechagini ozoda saqlardi. Hozir esa mahalla, ko‘cha-ko‘yda bemalol yomonlab tashlayveradi. Dadam esa juda yaxshi inson, bizni maqtab-erkalaydi, hech qachon qattiq gapirmaydi.

Nargiza, 38 yosh: — Erim oilaning katta tashvishlari bilan qiziqmaydi, Hamma yugur-yugurlar mening bo‘ynimda. Qachon qarama, «Men kechasi uxlamaganman» deb, o‘zini ayagani-ayagan. Axir u erkak kishi, orzu-xavaslar bilan yashasa, shunga yarasha harakat qilsa, bo‘lmaydimi?  Topgan maoshi hech narsaga yuq bo‘lmaydi, qorovullikni yig‘ishtirib, menga qarashsa, ikkalamiz bozorda savdo qilsak, og‘irimiz yengil bo‘larmidi? Bolalarim dadasiga yon bosadi, ular mening asablarim va charchog‘imni his qilmaydi-da. Ko‘pchilik bozorda yurib, xaraktering o‘zgarib ketdi, deydi. Erkak kabi ishlash kimni o‘zgartirmaydi, deysiz!

Ko‘zgu nima deydi? Maftunaxon, yosh bo‘lishiga qaramay, ota-onasining har ikkisini yaxshi ko‘ruvchi, hayotning sinovlariga, oilaning muammolariga javob topmoqchi bo‘layotgan, qizaloq, balli sizga! Sizdan nima talab qilinadi? Onangizning yomon gap-so‘zlari ta’siriga berilmang, ota-onangiz — katta odamlar, ular albatta, yaxshi bir yechimga kelishadi. O‘ylab ko‘rsangiz, onangizga ham qiyin, otangizga ham osonmas. Ularning birortasiga tarafkashlik qilishingiz shart emas. Uy ishlarini o‘z vaqtida qilib, onangizga yordamlashsangiz, osh-ovqat, kiyim-kechak yuvishni uning qo‘lidan olsangiz, ukalaringizning darslariga ko‘maklashsangiz, onangizning ko‘ngli yorishadi. Nargiza, sotuvchilik bo‘ladimi yoki qorovullik, hech qaysi bir ish oson emas! Tungi vaqtda ishlash, o‘zining issiq uyi, halovatidan kechib, mas’uliyat va javobgarlikni his qilishning ham o‘ziga yarasha qiyinchiligi bor. To‘g‘ri, siz daromadingizni ko‘paytirishni, deylik, uyingizni ta’mirlatishni, bolalaringizga yanada yaxshi sharoitni yaratib berishni, mashina olishni orzu qilayotgandirsiz. Ba’zi erkaklarda ana shunday ishtiyoq va g‘ayrat hissi kamroq bo‘ladi. Tashabbusni qo‘lga oling-u, biroq maslahatlashish va ishonishni unutib qo‘ymang. Erkaklar ham bir farzand kabi, ularga ishonsangiz, do‘sti bo‘lsangiz, sizdan uzoqlashmaydi, gapingizga ko‘nadi. Uy, bu — bozor emas, unda oldi-sotdi qilmaysiz, lekin o‘xshash jihati ham bor: berilganga yarasha olasiz. O‘zingiz guvohsiz, bolalaringiz sizga emas, dadasiga suyanayotganidan bilavering, gap kimning qancha topishida emas,  mehringizni yaqinlaringizdan darig‘ tutmang!

Поделись с друзьями:

- Добавлен: Moqina.Net
- Дата публикации: 11.01.2017 22:15
- Категория: Psixologiya
Рекомендуем

Izoh yozib qoldirishni unutmang, sizning izohingiz bizning ishlash darajamizni oshiradi.

Имя:
Почта:
Код:

Реклама LOWER
НАЗАД
ГЛАВНАЯ

WEB | Copyright Design by ISLIMBEK
Design version 19.00

Мы в социальных сетях:


Создать бесплатный сайт с uCoz