Saytni Yuklab bo'lmadi
Ko'zdan Kechirish
Qiz uzatganning qirq kuni (bo‘lgan voqea)

Gulhayoni uzatganlariga ikki hafta bo‘ldi. Bu yerlarning odatiga ko‘ra, uzatilgan qizning ortidan qirq kun ovqat tashiladi. Shu vajdan to‘ydan beri kelinning ukasi ikki mahalla o‘rtasida bo‘zchining mokisiday qatnagani-qatnagan. Odatga ko‘ra deydilaru aslida, hamma bu “odat”dan­ bezor.

Bugun ham Abdusamad o‘g‘lini ergashtirgancha guzardagi som­saxona tomon yo‘l oldi. Somsa pishib turgan ekan. Aksiga olib, tandirdan uzilganda mo‘ljal qilingan qirqtadan ikkita som­sa kam chiqdi. Lekin tog‘ora og‘zi-burnidan to‘ldi. Shunda ham Abdusamad do‘ppi ostidan bosh qashlab, ancha ikkilanib turdi.

“Shuni sanaydigan ahmoq yo‘qdir”, — o‘yladi so‘ng o‘zicha. O‘g‘lini jo‘natib, o‘zi uyga kirdi. Er-xotin to‘ydan qolgan qattiq nonni murabboga botirib tushlik qilishayotganda, Abdusamadning qo‘l telefoni jiringlab qoldi. Ekrandagi yozuvni ko‘rib yuragi sevinchdan hapqirib ketdi. Qizi Gulhayo ekan. Hayajon bilan telefonni qulog‘iga tutdi.

— Assalomu aleykum, — dedi qiz va birdan piqillab yig‘lab yubordi.

— Nega yig‘layapsan, qizim? Gapir, nima gap o‘zi?

— Bervorgan somsalaringizni qaynotam sanab ko‘rdi. “Shuni qirqta qilsa, bo‘lardi?!”, dedi. Keyin qaynonam: “O‘zi qudangiz past-da”, deyapti…

Otaning a’zoyi badaniga o‘t tutashgandek bo‘ldi. Miyasiga bir narsa “gup” etib urildi.

So‘ng hangu mang bo‘lib turgan xotiniga baqirgancha shartta uydan chiqib ketdi. Darvozaga yetganda o‘girilib o‘shqirdi: “Shu bugunoq ko‘ch-ko‘roni bilan opkelaman, bilib qo‘y!”

Abdusamad anoyi emas. Yo‘l-yo‘lakay mahalla yig‘iniga bosh suqib, oqsoqollardan birini ergashtirib oldi.

Darvoza eshigini tepib kirgan Abdusamad muddaoga o‘tishdan oldin erkak qudasi bilan dahanaki jangga o‘tib ketdi. Yo‘l bo‘yi Abdusamadni shashtidan tushirishga uringan, boyadan beri g‘azab otiga mingan qudalarning mojarosini bosiqlik bilan kuzatib turgan oqsoqolning axiyri baland va keskin ovozda “Bas!” deyishidan so‘ng o‘rtaga jimlik cho‘kdi.

— Qizning sepi nimalardan iborat bo‘lishi lozimligini bilasizlarmi?

Hech kimdan sado chiqmagach, oqsoqol kaftini yoyib sanay ketdi:

— To‘rtta ko‘rpa, ikkita yakandoz, bitta sandiq, kelinning zarur ust-boshi — bir oilaga kelin bo‘lib tushayotgan qiz uchun joiz bo‘lgan sep, mana shu. Xo‘sh, quda tog‘a, sizning keliningiz men aytganlardan kam sep qilmadimi, mabodo?

Kuyovning otasi boshini egdi.

— O‘n barobar, yuz barobar ortiq qilsa-qilganki, kam qilmagan. Bitta uyni mebelь bilan to‘ldirib, hammangizga qator-qator sarpo kiygizgan, idish-tovog‘u supurgisigacha ko‘tarib kelgandir? O‘g‘lingiz yigit boshi bilan ayolidan shuncha narsani miq etmay qabul qilib olsa-yu, tan mahramining bitta qornini boqolmasa, bu nima degan gap? Bir qorinning qayg‘usi shuncha bo‘ldimi? Kelinning uyidan keladigan ovqatga nechta og‘iz qarab turibdiki, o‘ttiz sakkizta somsa kamlik qilsa?!

Hozirgina dakang xo‘rozdek bo‘yin cho‘zayotgan erkaklarning nafasi ichiga tushib ketgan, kelinchak yig‘ini bas qilgan edi.

— Endi xulosani o‘zingiz chiqaring, — dedi oqsoqol. — Shu gap shu yerda qolsinu, bu yog‘iga murosa qilinglar. Boshqalarga ham yetkazing — bunaqa bemaza odatlardan voz kechish kerak. O‘zimiz o‘ylab topdikmi, o‘zimiz barham beraylik. Isrofgarchilikning uvoli o‘rtadan mehr-oqibatni ko‘taradi. Ikki yosh qo‘sha qarisin. Omin!

… Bu voqeadan keyin mahallada to‘ydan so‘ng qirq kun ziyofat tashish odati ancha kamaydi. Abdu­samad qudasi bilan yarashib oldi, bolalari tinch-totuv yashashyapti.

Bunday odat sizning mahallangizda ham bormi, aziz gazetxon? Balki isrofgarchiliklarga chek qo‘yish uchun ushbu voqea ibrat bo‘lar?

Поделись с друзьями:

- Добавлен: Moqina.Net
- Дата публикации: 21.06.2016 22:36
- Категория: Xayotiy Xikoyalar!
Рекомендуем

Izoh yozib qoldirishni unutmang, sizning izohingiz bizning ishlash darajamizni oshiradi.

Имя:
Почта:
Код:

Реклама LOWER
НАЗАД
ГЛАВНАЯ

WEB | Copyright Design by ISLIMBEK
Design version 19.00

Мы в социальных сетях:


Создать бесплатный сайт с uCoz