Nega ko‘zingiz qizaradi? Qachon: ertalabmi yoki ish jarayonidan keyinmi? Savollarni o‘ylab ko‘ring. Ko‘zdagi qizillik ko‘z kasalliklari, shamollash, allergiya bilan bog‘liq bo‘lishi mumkin.
Ko‘z shilliq qavati quruqlashib qolsa ham, qizillik yuzaga keladi. Ko‘zda qichishish kuzatilsa, bezovtaliklardan darak bo‘ladi. Shuningdek, konditsioner, tamaki tutuni, havo namligining me’yorda emasligi kabilar ham ko‘z qizarishini keltirib chiqaradi.
Bezovtaliklarni bartaraf etishda ko‘z tomchilaridan kamroq foydalaning. Iloji bo‘lsa, faqat shifokor buyurganlarinigina tanlang. Chunki muntazam tomchilardan foydalanish aks ta’sir ko‘rsatib, turli muammolarga sabab bo‘ladi.
Ko‘z qovoqlarini pardoz vositalaridan tozalab olgach, issiq-sovuq vanna qiling. Buning uchun paxta bo‘lagini avval qaynatib ilitilgan suvda namlab, ko‘z ustiga bosib turing. 2 daqiqadan so‘ng sovuq suvda namlangan paxta bilan alishtiring.
Uyquga yotishdan oldin ko‘z ustiga ko‘k choy damlamasidan kompress qiling. 2-3 daqiqalik kompres ko‘z tomirlariga ijobiy ta’sir etadi.
1 osh qoshiq ittikanak (chereda) ni 1 st. qaynab turgan suvga damlang. Iligach, dokadan o‘tkazing. So‘ng ko‘z ustiga kompress sifatida foydalanishingiz mumkin. Bu usul ayniqsa allergik holatlarda asqotadi.
Paraklangan barra bodring ham ko‘zlar uchun foydali. Ko‘z terisini oziqlantirib, namlantiradi. Qolaversa, kunning istalgan vaqti bajarish mumkinligi bilan ham qulay.
Kun davomida ko‘proq suyuqlik iching. Ammo gazlangan bo‘lmasin. Na’matak, ko‘k choy, meva sharbatlari ayni muddao.
Ko‘z toliqishi yuzaga kelmasligi uchun ish vaqti kichik tanaffus qilishga odatlaning. Bunda ko‘z uchun turli mashqlarni bajarish mumkin. Masalan, nigohni keskin boshqa narsa yoki holatga qaratish.
Ko‘cha-kuyda quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklardan foydalaning. Bu nafaqat ko‘zlar balki ko‘z atrofidagi teri uchun ham asqatadi.