Saytni Yuklab bo'lmadi
Ko'zdan Kechirish
Uchuq ham kasallikmi?

Dermatolog, tibbiyot fanlari nomzodi Sa’dulla Soipov izoh beradi:

— Uchuq (gerpes) viruslar qo‘zg‘atadigan teri kasalligi sifatida, ya’ni badanning turli qismida g‘uj-g‘uj mayda pufakchalar hosil bo‘lishi bilan kechadi. Kasallik manbai bemorning o‘zidir. U boshqalar bilan muloqot chog‘ida uchuqni yuqtiradi. Uchuqning paydo bo‘lishiga qattiq sovqotish, shamollash, immunitetning pasayishi, gipovitaminoz, turli infeksion xastaliklar (gripp, zotiljam, bezgak) va tanadagi yuqumli dardlarga moyillik xususiyati imkon yaratadi. Uchuq ikki xil (oddiy va o‘rab oluvchi) turda namoyon bo‘ladi.

Ko‘zga ham uchuq toshadimi?

Oddiy uchuq virusi ko‘pincha bemor organizmiga chaqaloqlik davridayoq tushadi, lekin kasallik alomatlari uzoq vaqtgacha yuzaga chiqmaydi. Chunki bu vaqtda bolada onasidan o‘tgan immunitet mavjud bo‘ladi. Keyinchalik immunitet kuchi biror sababga ko‘ra susaysa, kasallik vujudga kelishi, ya’ni odamning badaniga (asosan labiga) uchuq toshishi mumkin. Organizmga tushgan uchuq virusi bir umr saqlanib qoladi, bu esa surunkali uchuq tashuvchilik deyiladi. Oddiy uchuq ko‘pincha labga, burun qanotlariga yoki og‘iz bo‘shlig‘iga, ba’zida esa ko‘zga ham toshadi. Uchuq toshgan sohada tiniq suyuqligi bor mayda (g‘uj-g‘uj) pufakchalar paydo bo‘ladi. Ular tezda yorilib, sarg‘imtirtusda qotadi. Uchuq toshgan joy qichishishi va achishishi mumkin. Ba’zan lohaslik, et uvishishi, me’da-ichak faoliyatining buzilishi ro‘y beradi. Og‘irroq hollarda bemor isitmalashi, asab tizimida va ichki a’zolarida qator o‘zgarishlar yuz berishi kuzatiladi. Uchuq pufakchalari odatda 7-10 kunda bitadi va o‘rnida qizg‘imtir dog‘ qoldiradi.

Ba’zida uchuq qaytalab, tuzalgan joyda yana paydo bo‘lishi mumkin. Bunga havo o‘zgaruvchanligiga tananing moslasholmagani, immunitet pasaygani yoki kishining avitaminoz(vitamin yetishmasligi)ga chalingani sababdir.

Tuzalsa, og‘riq beradi

O‘rab oluvchi uchuqni suvchechak virusi qo‘zg‘atadi. Bu bilan faqat kattalar og‘riydi. Uchuq chiqqach, teridan tashqari asablar ham zararlanadi. Masalan, og‘riq asab tolalari bo‘ylab (asosan qovurg‘a orasi va bel qismida) tarqalishi kuzatiladi. Keyinchalik asabning zararlangan sohasiga mayda pufakchalar toshadi. Bu pufakcha ichidagi tiniq suyuqlikka avval yiring, keyin qon aralashadi. Shuningdek, zararlangan asabga yaqinroq joydagi limfa bezlari kattalashadi, bemorning tana harorati ko‘tariladi. Pufakchalar hech qanday davo choralari qo‘llanmaganda ham 6-8 kunda yorilib, qora qo‘tir bilan qoplanadi.

Ikki-uch haftada bemor sog‘ayadi. Biroq zaif va keksa kishilarda u qaytalashi, qolaversa, sog‘aygan joylar uzoq vaqtgacha og‘riq berib turishi mumkin.

Sovqotishdan saqlaning

Uchuqning har ikkala turini shifokor davolaydi. Kasallik yengil kechganda uchuq toshgan joy(lab, burun kabilar)ga brilliant yashili yoki antiseptik surtmalar surtish lozim. Agar uchuq ko‘z, og‘iz bo‘shlig‘i, jinsiy a’zolarda bo‘lsa, albatta, shifokor nazoratida davolanish shart.

Uchuq toshgandakishi issiq kiyinishi, sovqotishdan saqlanishi lozim. O‘rab oluvchi uchuq avj olganda esa bemor o‘rinda yotishi zarur. Bu paytda servitamin ovqatlar iste’mol qilish tavsiya etiladi. Og‘iz bo‘shlig‘ining shilliq qavati zararlanganda og‘izni moychechak damlamasi bilan tez-tez chayib turish kerak. Uchuqning oldini olish uchun kishi o‘zini jismonan chiniqtirib, borilsa maqsadga muvofiq bo‘ladi.

Faslga qarab kiyinishi, shaxsiy gigiyena qoidalariga rioya qilish ham xastalik yuqmasligi uchun muhimdir.

Giyohlar uchuqni davolaydimi?

Ba’zi bir dorivor o‘simliklar qaynatmasi yoki damlamasi teridagi yara-chaqa, uchuq va yallig‘lanishlarning oldini oladi. Mavrak (shalfey) tarkibida efir moyi va oshlovchi moddalar bor, uning barg damlamasi og‘iz ichini, tomoq yo‘llarini chayishda ishlatiladi, nafas yo‘llaring yallig‘lanishlari va jarohatlariga davo. Na’matak (shipovnik) qaynatmasi ham juda foydali bo‘lib, og‘iz bo‘shlig‘i kasalliklari (milk yaralarida, lab yoki og‘iz bo‘shlig‘iga uchuqtez-tez toshganda) va quvvatsizlikni bartaraf etuvchidir. Dalachoy (zveroboy) tarkibida karotin, vitamin S, efir moyi, flavonoidlar, oshlovchi moddalar bor,shuning uchun ham og‘iz bo‘shlig‘i va teridagi uchuqlarni davolashda bu o‘simlik qaynatmasidan foydalanish mumkin. Qaynatma kuniga chorak stakan miqdorda uch mahal ichiladi va u bilan jarohatlar yuviladi.

Umuman, uchuq tez-tez chiqib turadigan kishilar shifokor bilan maslahatlashib turishi kerak. Negaki, ba’zida uchuq ayrim ichki yallig‘lanishlar yoki qondagi o‘zgarishlar sababli paydo bo‘lishi ham ehtimoldan xoli emas.

Gulchehra Jamilova yozib oldi.

Manba: “SUG‘DIYONA” gazetasi

Поделись с друзьями:

- Добавлен: Moqina.Net
- Дата публикации: 11.12.2017 20:39
- Категория: Salomatlik va Tibbiyot
Рекомендуем

Izoh yozib qoldirishni unutmang, sizning izohingiz bizning ishlash darajamizni oshiradi.

Имя:
Почта:
Код:

Реклама LOWER
НАЗАД
ГЛАВНАЯ

WEB | Copyright Design by ISLIMBEK
Design version 19.00

Мы в социальных сетях:


Создать бесплатный сайт с uCoz