Saytni Yuklab bo'lmadi
Ko'zdan Kechirish
Erkakning ish bergan makri

Nav-nihol qiz soyabonini nozik qo'llarida tutgancha eshikni qulfladi-da, ko'p qavatli binodan tusha boshladi.

— Munis!

Yangragan ovoz kimnikiligini payqagan qiz darrov ortiga o'girildi. So'nggi rusumdagi mashinadan tushgan Sanjar Munisa tomon kela boshladi.

— Salom, — dedi Munisa Sanjarning yuziga qaramaslikka urinib.

— Salomni, yaxshi qiz, to'liq berish kerak, — dedi Sanjar miyig'ida kulib qo'yarkan Munisadan sinchkov nigohini uzmay.

— Siz chet mamlakatlarda o'qib, yashab kelganingiz uchun…

— Inson Yer kurrasini aylanib chiqsa ham, o'zligini yo'qotmasligi kerak.

— Unda, assalomu alaykum, — dedi qiz biroz zarda bilan. — Endi ketaveraymi?

— Va alaykum assalo-o-om! — Sanjarning kayfiyati nima uchundir ko'tarilib ketgandi. — Yo‘q, hech qaerga yolg‘iz ketmaysan, ozim tashlab qo'yaman…

— Yo'q, yo'q! — dedi Munisa hayajonini yashirolmay. — O'zim ketaman. Siz meni uyim oldida kutishni bas qiling.

— Kutganim yo'q, shunchaki…

— Kutmasangiz yana yaxshi, xayr!

— Shoshma, Munis…

Sanjarning gapi doimgidek chala qoldi. Besh yil davomida o'zga yurtlarda ham o'qib, ham ishlab kelgan Sanjar endilikda o'zi uchun risoladagidek rafiqa bo'la oladigan qiz qidirayotgandi. Buning uchun bir mahallada katta bo'lgan Munisani eng yaxshi nomzod deb bilgan Sanjar oilasi garchi boshqa yerga ko'chib ketgan bo'lsa ham, goh uni, goh buni bahona qilib, eski mahallasiga qatnayverardi.

Sanjar uyidagi mehmonlarni ko'rib ajablanmadi. Mehmondorchilikni xush ko'radigan onasi dugonalariyu tanishlarini uyiga chaqirib charchamasdi.

Sanjar onasining bu odati hamon o'zgarmagani uchun jilmaygan ko'yi bosh chayqadi-da, ketishga shaylangan mehmonlar bilan salomlashdi.

— H-haligi, bu esa mening qizim Sara! — o'zini tanishtirib bo'lgan ayol yonidagi sariq sochli qizga ishora qildi.

— Sara? — ajablandi Sanjar va hazilkashlik bilan ayolga gap qotdi. — Nima inglizga turmushga chiqqanmisiz?

— Qani endi! — uzun tirnoqli barmoqlari bilan qizil lablarini berkitib kuldi ayol. — Yo'q, biz shunchaki qizimizni erkalab shunday deymiz. Asl ismi esa Sarvinoz.

— Shunday chiroyli ismi bor ekan-ku, allaqanday Saraga balo bormi. Ha, mayli, tanishganimdan xursandman Sarvinozxon.

Fikrini dangal aytishga odatlangan Sanjar o'z xonasi tarafga o'tib ketdi.

— Xo'sh, qalay? — dedi mehmonlarini kuzatib, o'g'li yoniga o'tirgan ayol terilgan qoshlarini uchirib.

— Ahvolimmi? Durust…

— E-e, qizni aytyapman, — dedi ayol yoshiga yarashmagan allaqanday erkalik bilan. — Sanjar, shu qiz bilan bir uchrashib ko'r. Dugonam juda boy, orzu-havasli…

— E, ha-a-a, — dedi Sanjar onasiga yaqinroq kelib kularkan. — Hali ular sovchilarmidi? Bu deyman, besh yil ichida zamonaviylashib ketibmiz-ku, a? Endi qizlar yigitlarnikiga kelishyaptimi?

— Senga hazil bo'lsa, axir chiroyli qiz-ku!

— Oyi, — Sanjar o'rnidan turib, jiddiy tortdi. — Bunday ko'g'irchoqlardan bir umrlik umr yo'ldosh chiqarmidi? Ochig'ini aytsam, juda hurliqo qiz qidirmayapman. Oddiygina, lekin haqiqiy bo'lsin. Men biroz uxlab olay, keyinroq gaplashamiz.

Eski mahallasiga do'stlarini ko'rgani borgan Sanjar Munisani ko'rdiyu, qizni yoqtirib qoldi. Qaysi do'stidan surishtirmasin, bari Munisani maqtar, faqat og'ir sharoiti unga to'g'ri kelmasligini aytishardi. «Nima, men kelin bo'lib tusharmidim, sharoitining menga dahli yo'q», derdi do'stlariga Sanjar. Dastlab Munisaning ko'nglini topishni va ke­yin onasini qizning uyiga yuborishni o'ylab yurgan Sanjar bu ishni tezroq hal qilishga qaror qildi.

— Sen bilan gaplashib olishim zarur, buncha mendan qochmasang, — dedi Sanjar kunlarning birida Munisaning yo'lidan chiqib.

— Yaxshi, gapiring!

— Qiziqsan-da, Munis, — kulib qo'ydi Sanjar. — Buncha shoshaverasan-a? Katta odamlardek biror joyda o'tirib, muhokama qilinadigan jiddiy mavzu bor.

Munisa biroz o'ylanib turdi-da, rozilik berdi. Sanjar qizni shinam restoranga olib kirdi. Qiz esa negadir qimtinib o'tirardi.

— Bemalol o'tirsang-chi, Munis, — dedi Sanjar va taomnomani ochdi. — Nima yeymiz, qornim juda och…

— Yo'q, men hech narsa yemayman, — dedi Munisa uyalib.

Qiz garchi ertalabdan buyon tuz totmaganiga qaramay barcha takliflarni rad etdi, ammo Sanjarning qistovi tufayli taomnomani ochib, biror taom tanlashga majbur bo'ldi. Munisa taomlar qarshisida yozilgan narxlarni ko'rarkan, ko'zlari katta ochilib ketdi va eng arzon salatni tanladi.

— Meni o't-o'lan bilan aldamoqchimisan, deyman? — Sanjar ko'tarinki kayfiyatda ko'z qisib qo'ydi. — Sen go'shtli taomlardan ko'p-ko'p yeyishing kerak, nimjonligingni qara. Ayt­ganday, ovqat pishirishni bilasanmi?

— Ha.

— Mening rafiqam yaxshi uy bekasi bo'lishi kerak. Aslida, ko'chada ovqatlanishni yoqtirmayman. Uyda mehr bilan tayyorlangan taomga nima yetsin, shunday emasmi?

— To'g'ri.

— Bilasanmi, Munis? — dedi suhbatga berilib ketgan Sanjar. — Mening rafiqam uchun oila birinchi o'rinda turishi kerak.

— Sizning rafiqangizga mening nima dahlim bor? Umuman, nega menga bunday savollarni beryapsiz?

— Bilib turibsan-ku negaligini, — mamnun jilmaydi Sanjar va kostyumidan kichik quticha chiqarib, qiz tomonga uzatdi. — Menga turmushga chiq!

— N-nima?!

— Bilaman, dabdurustdan qabul qilishing qiyin, lekin o'ylab ko'r, — dedi Sanjar biroz hayajon bilan. Yigit hayratda qolgan qizga tikilib, qo'llarini ikki tomonga yoydi. — Yoki sen ham qandaydir katta davrada gullar va go'zal manzara og'ushida tiz cho'kib, qo'lingni so'rashlarini kutganmiding?! Shuni istasang, bu muammo emas. Shunchaki, men bunday jimjimalardan yiroq odamman-da…

Munisa indamadi.

Qizdan tayinli javob ololmagan Sanjar kun bo'yi tushkun kayfiyatda yurdi. Qolaversa, u kattalarning qaroridan ham tashvishda edi. Otasini-ku rozi qiladi, ammo har narsani boylik va obro' bilan o'lchashga o'rganib qolgan onasi muammo. Uyda o'tirolmay yana eski mahallasi tomon shoshilgan Sanjar yo'lda do'stini uchratib qoldi va undan maslahat so'ragandek yorildi.

— Badavlat yigit oddiy, lekin mag'rur qizni sevib qoladi va ular birga bo'lolmay ajralib ketishadi! — dedi ovoziga tantanali ruh berib gapirgan do'sti kulib.

— Maynabozchilikni yig'ishtir. Gaplaring ham o'zing kabi sovuq, — dedi Sanjar jilmayishga urinib. — Undan ko'ra muammo yechimini ayt.

— Seni bilaman, Sanjar, bir qarorga keldingmi, uzoq o'ylamay shartta hal qilasan. Qiz senga yoqdi, u ham seni yoqtiradi, nazarimda. Sovchi qo'y va uylan. Onangni ko'ndirishga kelsak, bir g'ayrat qilasan-da endi…

Sanjar do'sti aytgandek yo'l tutib, Munisaga sovchi qo'ydi va ikki oyga qolmay to'y bo'ldi. Munisa uchun yangicha hayot eshiklari ochilgan, u o'zini bu hayot uzra begonadek his etar, qaynonasi bilan til topisholmay ovora, faqat Sanjargina uning ko'zlarini alangalatardi.

— Nihoyat! — dedi Munisa erining mashinasi kelganini ko'rib, hovli tomon shoshib chiqarkan. — Nihoyat, keldingizmi… H-haligi, assalomu alaykum.

— Va alaykum assalom. Gar saloming bo'lmasa, ikki yamlab bir yutardim! — dedi Sanjar rafiqasining burnini chimdib, hazil qilarkan.
Shu payt hozirgina yopilgan darvoza qayta ochilib, qizil rangdagi mashina kirdi va undan bir qiz tushib, Sanjar tomon sho'x tabassum bilan yaqinlasha boshladi.

— Salom, Sanjar! Bir og'iz gapingiz bilan uchib kelaverdim, — dedi qiz va Sanjarning ikki yuzidan o'pib qo'ydi.

— Ie, Sarvinoz, juda zo'r ish bo'libdi-da!

— Albatta! — shaddodlik bilan ko'z qisib qo'ygan qiz Munisaga bir qaradi-da, qo'lidagi paketlarni unga tutqazdi. — Bularni mehmonxonaga olib kir.

Sarvinoz Sanjar bilan qo'ltiqlashib ichkariga kirarkan, Munisa ularning ortidan qarab qotib qolgandi.

— Hoy, qiz, sovg'alarni bersang-chi, hoy! — Sarvinoz Sanjar va uning onasiga qarab kulishdan to'xtamasdi. — Nima balo, qulog'i og'irroqmi deyman?

— Bu bizning kelin, — dedi norozi qiyofada bazo'r gap boshlagan qaynona. — Xizmatchi emas.

— Ie, — o'rnidan turib, Munisaga yaqinlashdi Sarvinoz. — Hali bu men turganda tanlangan o'sha mashhur kelinmi?

— N-nima? — deya qoshlari bilinar-bilinmas chimirilgan Munisa Sanjarga qarab qo'ydi.

— Hazillashdim, jonim! — sharaqlab kulgan Sarvinoz Munisaning ikki yuzidan o'pib ko'rishdi va qizning qo'lidagi paketdan bejirim qutichani oldi.

— To'yga kelolmaganim uchun tanimabman, uzr. Bu mendan sizga sov­g'a…

Munisa to eri bilan yolg'iz qolguncha ich-etini yedi. U Sarvinozning erkin harakatlaridan, qaynonasining mensimay boqishlaridan va ayniqsa, erining qilig'idan asabiylashardi.

— Uni mehmonga siz chaqirganingiz rostmi?!

— Ha, oyimning yaqin dugonasining qizi. Birgalikda bir yayrashsin…

— Siz bilan qadrdonlardek ko'rishdi, — Munisa eriga tik qaramasdi-yu, uni o'g'rincha kuzatardi.

— Munis! — dedi Sanjar boshini ortga tashlab kularkan. — Men u bilan bor-yo'g'i ikki, ana bor, uch marta ko'rishganman. Ba'zan qo'ng'iroq qilib turishi ham rost. Sen Servinozning gaplariga ko'p ham ahamiyat berma.

Sanjarning aytgan gaplari Munisaning ko'ngliga taskin berolmas, Sarvinoz esa ikki-uch kun deb kelganiga qaramay, bir haftadan beri shu uyda yashayotgandi. Qizning hadeb kulaverishi, o'zini juda erkin tutib, istagan gapni gapiraverishi Munisaga erish tuyular, eri nima uchun bu qizni taklif qilgani haqidagi o'y tinchlik bermasdi.

— Sara, bu kiyiming juda ochiq-ku! — dedi ziyofatga ketish oldidan qaynonasi.

— Xolajon, — kulishga uringan Sarvinoz Munisaga ishora qildi. — Men mana bunday ro'dapo kiyimlarga o'rganmaganman.

— Boshqasini kiy, Sara, sen menga omonatsan. Onangga…

— Onamning o'zi ham shunday kiyinadi u yerlarda, — burnini jiyirib gapirishga tushgan qiz indamaygina bir chetda kulib turgan Sanjarga qaradi. 

— Ana Sanjarga ko'ylagim juda yoqdi, kulishini qarang. Juda yoqimtoy o'g'lingiz bor-da.

— Yoqqanda-chi!

Munisa erining ma'noli qarashlarini tushunmas, «Yoqqanda-chi» degan gapidan g'azabi qaynab ketgandi. Munisa egnidagi sipo, lekin nafis ko'ylakka qarab oldi-da, xonasiga kirishga chog'landi.

— Munis, kech qolamiz, ketdik, — dedi eri Munisani to'xtatib.

— Hozir boshqa ko'ylak kiyib chiqay…

— Eh, o'zimning soddaginam, sen eng chiroylisisan. Qani, ketdik.

Munisa Sanjarni tushunolmasdi. Eri Sarvinoz bilan istalgan mavzuda gaplashib o'tirardi. Ba'zan jim bo'lib jilmaygan ko'yi onasi bilan Sarvinozning kun sayin avjlanayotgan bahslarini kuzatardi, xolos.

Dastlabki kunlar dugonasining qizini o'z qizidek suyayotgan ayol endi uni yoqtirmas, aksincha, kelini bilan bir muncha iliq suhbatlashadigan bo'lib qoldi.

— Bugun klubga bormaymizmi, Munis? — dedi tirnoqlarini bo'yayotgan Sarvinoz. — Sizga rahmim keladi, kun bo'yi uydasiz.

— Qanaqa klub? — hayratlangan Munisa ko'zlarini katta ochib eri va qaynonasiga qaradi.


— Diskotekaga! — dedi Sarvinoz chuqur «uf» tortib. — Nima balo, hech bormaganmisiz?

Munisa eriga ko'z tashladi. Sanjar doimgiday jilmaygancha jim o'tirar, goh onasiga, goh Sarvinozga sinchkovlik bilan boqardi.

— Esing joyidami, Sarvinoz?! — chidolmay gapga aralashdi qaynonasi. — Munisa diskotekada nima qiladi?

— Xolajon, yomon joy emas-ku. Shunchaki, odamlar raqs tushadigan…

— Yo'q, yo'q! — o'rnidan turib, ovozini asabiy balandlatdi ayol. — Mening kelinim unday joylarga bormaydi! Sen borsang, boraver!

— Obbo! — dedi Sarvinoz ham o'rnidan dast turib. — Juda jonga tegdingiz-da! Men sizni zamonaviy ayol desam, o'rta asrlarda qolib ketgan ekansiz-ku. Yaxshisi, uyimga keta qolay, bu yerda zerikdim. Sanjar menga chipta buyurt­ma qil.

Sanjar holatini o'zgartirmay, «Xo'p» dedi-da, hushtak chalib, ko'chaga chiqib ketdi.

* * *

Qishning sovuq kunlarida uyiga kirib kelgan Sanjar onasi va Munisaga tayyorlanishlarini, teatrga chipta olib kelganini aytdi. O'ziga oro berib o'tirgan ayol ko'tarinki kayfiyatda «Yoshlarga xalaqit bermay. O'zingiz borib keling», dedi-da dugonalari bilan uchrashuvga shoshildi. Munisa ham burnini jiyirdi.


— Hech qaerga bormayman. Anavi Sarani chaqiring, birga klubga borasiz, — soxta araz qildi kelinchak eriga qaramay.

— Mana shu soddaliging o'zingga yarashadi-da, Munis. Oyim u bilan qaynona-kelindek yasholmasligini tushunsin va sening qadringga yetsin, deb ata­yin taklif qilgandim-da, jinnivoy. Qani, oldimga tush endi…

Yoshlar yol-yo'lakay o'tgan voqealarni muhokama qilisharkan, kulgidan o'zlarini tiyisholmas, baxtdan esa ko'zlari yonardi!

Поделись с друзьями:

- Добавлен: Moqina.Net
- Дата публикации: 12.11.2017 15:49
- Категория: Xayotiy Xikoyalar!
Рекомендуем

Izoh yozib qoldirishni unutmang, sizning izohingiz bizning ishlash darajamizni oshiradi.

Имя:
Почта:
Код:

Реклама LOWER
НАЗАД
ГЛАВНАЯ

WEB | Copyright Design by ISLIMBEK
Design version 19.00

Мы в социальных сетях:


Создать бесплатный сайт с uCoz