Saytni Yuklab bo'lmadi
Ko'zdan Kechirish
Makkora kundosh

Uyda televizor ko‘rib o‘tirsam, birdan telefon jiringlab qoldi. Go‘shakni ko‘tardim, xolamning qizi ekan. Qarindoshlarimiz orasida dangalchiligiyu rostgo‘yligi bilan hurmat qozongan Vasila opamning ovozini eshitib, xursand bo‘lib ketdim.

— Assalomu alaykum, ishlaringiz yaxshimi?

— Ha, zo‘rman, o‘zing-chi? Yuribsanmi haliyam erim zo‘r, undan yaxshisi yo‘q, deb. Qishloqdagi gaplar rostmi? Ering yana nima ish qildi?

— Qanaqa gaplar? Tushuntiribroq gapiring…

Ichimda allanima zirillab ketgandek bo‘ldi. Chunki Vasila opam uncha-bunchaga telefon qilavermasdi.

— Kecha qishloqqa borgandim. Sharofat ayaning kelinini uchratib qoldim. U yoq-bu yoqdan gaplashib o‘tirsak, birdan sen haqingda gap boshladi. Uning aytishicha, ering qishlog‘imizdagi Ruxshona bilan nikoh o‘qitib olganmish. U oting o‘chgur, eringni aldab o‘ziniki qilib olgan, shekilli? Xabaring bormidi yo endi eshityapsanmi?

Vasila opamning zardasidan qo‘rqib ketganimdan “Yo‘q”, dedim. Aslida, erimning g‘alati bo‘lib qolganiga, fe’li o‘zgarganiga ancha bo‘lgan. Men buni uzoq yillar farzand ko‘rmaganimizga yo‘yib yuraveribman…

* * *

Biz sevishib turmush qurdik. Bir-birimizga ahdu paymon qilib, ota-onamning qarshiligiga qaramay, to‘yimiz bo‘ldi. Qishlog‘imizda eshon buvaning bolalari deb nom chiqargan erimning oilasini kattayu kichik hurmat qilar, aka-ukalarning ahilligiga barchaning havasi kelardi. Kenja kelin bo‘lganim uchun qaynonam ham, qaynotam ham meni juda yaxshi ko‘rishar, “Bolam, bolam”, deb yeru ko‘kka ishonishmasdi. Oradan yillar o‘tdi. Bizdan yaxshi xabar kuta-kuta avval qaynotam, oradan sal o‘tmay qaynonam olamdan o‘tdi. Qaynonam so‘nggi nafasini olayotganida ham qo‘llarimni mahkam tutib, “O‘g‘limni senga ishondim, bolam, uni yolg‘izlatib qo‘yma”, degan zorlanishi hali-hanuz quloqlarim ostida. Oradan 15 yil o‘tdi hamki, farzandimiz bo‘lmadi. Ko‘pchilik bizni ajrashishga ko‘ndirishga harakat qilishdi, lekin bari zoe ketdi. Bora-bora odamlar yangilik ham so‘ramay qo‘yishdi. Bunday yashashga ikkimiz ham ko‘nikkandek edik… O‘zim bolalar bog‘chasida ishlaganim uchunmi, har kuni kichkintoylarning sho‘x qiyqirig‘ini eshitsam, “Onajon”, deya onasi tomon yugurib ketayotgan shirintoylarni ko‘rsam, ko‘nglim o‘rtanib ketaverardi.

“Qaniydi, ularning bittasi meniki bo‘lib qolsa”, deb Xudoga iltijolar qildim, ammo nailoj. “Balki, bu holat ota-onamni norozi qilib, erimni deganim uchunmikin?” deya ich-etimni tirnayman. Hayhotdek hovlida erim ikkimiz shumshayib qolganmiz. Uyga ataylab kech kelaman. Hovli kattaligi uchun yutib yuboray deydi. Ikki kishiga mo‘ljallangan qozonchada ovqatga unnayman. Erim ham kech keladi. Uning oyoqlariga “Dadajon!” deb yopishadigan farzandimiz yo‘qligidan doim aybni o‘zimdan qidirardim.

Bir kuni erim og‘zi qulog‘ida kirib keldi. U juda xursand edi.

— Tinchlikmi? — deya so‘radim.

— H-ha, h-a-a-a, lavozimimni ko‘tarishdi, — dedi dovdirab.

— Tabriklayman, — dedim va oshxonaga yo‘l oldim.

Erimning ovqatini suzib qo‘ysam-da, u tinmay xirgoyi qilar, hadeganda oshxonaga kelmasdi. Shu payt telefoniga SMS keldi. U nari-beri xabarni o‘qidi-yu, miyig‘ida jilmaydi. Qaysidir qo‘shiqni aytib, peshonamdan cho‘lpillatib o‘pdi-da, “Endi hammasi yaxshi bo‘ladi”, deb qo‘ydi. Tavba, lavozimini bir necha marta oshirishgan bo‘lsa-da, hecham erimning bunaqa suyunganini ko‘rmagandim.

Shu zaylda kunlar o‘taverdi. Erim chindan ham o‘zgargan edi. U endi men bilan uzoq gaplashib o‘tirmas, doim qayoqqadir shoshar, kim bilandir telefonda uzoq gaplashardi. “O‘sha sirli odam kim ekan?” deya o‘ylardim.

Demak, telefondagi qizning ismi Ruxshona ekan-da va o‘sha qiz Vasila opamning qishlog‘idan…

Oradan bir necha kun o‘tib, ishxonamga Vasila opam keldi.

— Menga qara, otlan! — dedi opam ko‘zlarimga tikilib. — Anavining oldiga boramiz…

— Kimning oldiga? Nega?

— Ering o‘sha yerda ekan, ikkalasini tutib, sharmanda qilamiz. Guldek umringni xazon qilib, yana boshqasini ilintirganiga balo bormi unga? Hali mendan ko‘radi, shoshmay tursin… Tur dedim senga, tur!

Ishxonadan qanday chiqib, qanday qilib mashinaga o‘tirganimni eslolmayman. Xuddi u men emas edim…

Angren poytaxtdan uzoq emas. Shuning uchun ham u yerga tezda yetib oldik.

Yangi qurilayotgan imoratlar oralab borarkanmiz, erimning mashinasiga ko‘zim tushdi.

— Mana, endi qo‘lga tushding, yaramas…

— Vasila opa, balki, kerakmasdir… — hamon bo‘shashardim men.

— Jim o‘tir, eringni birovning qo‘liga topshirib qo‘yaverasanmi, namuncha shalpayasan-a?

Bu yerga kelguncha xayolning har qaysi ko‘chasiga kirib chiqdim. Ovsinlarimning pisandalari, qarindoshlarimizning, ota-onamning dashnomlari, to‘kkan ko‘z yoshlarim, tortgan azoblarim, iztiroblarim meni izma-iz quvib kelaverdi. “Alam ustida shuncha yil bir yostiqqa bosh qo‘ygan erimni ranjitib qo‘ymasmikinman?” deya o‘ylab, o‘yimning oxiriga yeta olmadim.

Vasila opam mashinadan shaht bilan tushib, ichkariga kirdi. Baqir-chaqirni eshitdim. Vasila opam meni chaqirdi. Tomoshatalab ustalar ishini to‘xtatib, bizga qarab turishardi. Men mashinadan tushib, ichkariga kirdim. Hashamat bilan qurilayotgan uyga nazar solmadim ham. O‘choq boshida qo‘lida kapkir ushlab turgan keng xalatli yoshgina juvon ko‘z yosh to‘kib turar, erim esa meni ko‘rib, hangu mang bo‘lib qolgandi.

— Qani, ayt, senlarga manavini kim deb tanishtirdi? — o‘shqirardi ustaboshiga opam.

Ustaboshi dam menga, dam unga qarab:

— “Kelinoying”, degan, — dedi.

— Ana, ko‘rdingmi?! Endi ishondingmi?!

Men hamon dovdirardim. Erim dam menga, dam kapkir ushlagan juvonga qarar, xuddi ayb ish qilib qo‘ygan yosh boladek yer chizardi.

Vasila opam nari-beri o‘choq boshiga borib, haligi juvonni sudray boshladi.

— Qani, bu yerdan qorangni o‘chir-chi!

Erim opamning qo‘llariga yopishdi. Shu payt ayolning qorni do‘mpayib turganiga ko‘zim tushdi.

Ko‘z oldim qorong‘ilashib, quloqlarim tindi.

Ko‘zimni ochsam, uyda yotibman. Ota-onamning, Vasila opamning g‘o‘ng‘illagan ovozi eshitilardi. Suv ichgim keldi. Boshimni ko‘targanimni ko‘rgan singlim yugurib yonimga keldi.

— Tuzukmisiz, opa? Hammani qo‘rqitib yubordingiz-ku…

— Yaxshiman… Men… men… — deya yig‘lab yubordim.

Ko‘z yoshlarim bilan birga yoshlik davrim, erim bilan ahdu paymon qilgan kunlarimiz, to‘yimizdagi ilk hayajonlar, shuncha yillik azoblarim, achchiq qismatimga bitilgan bitiklar — barchasi oqib ketayotgandek edi. Men o‘zim uchun emas, balki shirin, baxtli deb yurgan hayotim ortida yana bir hayot borligidan, meniki deb yurgan turmush ortida yana bir turmush borligidan yig‘lardim.

— Ayt, hamma ketsin, yolg‘iz qolmoqchiman, — dedim singlimga.

Singlim ko‘zlarimga qarab turdi-da, sekin chiqib ketdi. Hozir agar birov oldimga kirsa, o‘zimni qo‘yarga joy topa olmasligim, men o‘zimni yashirishim, odamlarning ko‘zidan uzoqroqqa ketishim kerak edi.

Asta-sekin qorong‘u tusha boshladi. Har kuni darvoza oldiga mashina kelishini intiqib kutar, erim kelgach esa ko‘nglim taskin topardi. Bugun unday bo‘lmadi. Erim eshikdan shirakayf holda kirib keldi.

— Endi ko‘ngling tinchidimi? — o‘shqirdi u menga. — Uni kasalxonaga joylashtirib kelyapman, eshityapsanmi? Qandaydir gaplarga ishonib, meni ham, o‘zingni ham xarob qilding…

Indamay turaverdim. Mayli, gapirib olsin, shuncha yillik alamlarini to‘kib solsin. Ammo erim boshqa gapirmadi. Uyga chayqalib kirib, uxlab qoldi. Tashqarida mashina qolgandi. Erimning cho‘ntagidan kalitni olib, mashinani ichkariga olib kirdim-da, duch kelgan qo‘shiqni qo‘yib, bardachokni titkilay boshladim va o‘sha ayol bilan birga tushgan rasmlarga, bolaning rivojlanish tarixiyu uning fotoplyonkasiga ko‘zim tushdi.

“Tavba, qanaqa bo‘larkin-a?” deb rasmni yoriqqa tutib, uzoq tomosha qildim. Mana, Alloh menga nasib qilmagan baxt, jajji qo‘lchalari, oyoqchalarini quchib, g‘ujanak bo‘lib olgan. Mitti yurakchasi ham bor. Rasmni tomosha qilarkanman, ich-ichimdan allaqanday his to‘lqinlanib kelaverdi. Shu payt erimning telefoniga SMS keldi. “Men yaxshiman, xavotir olmang”, deb yozilgandi unda.

“U hozir qaerda ekan-a?” Telefonni titib, kundoshimning raqamini topdim. Telefon qildim. U tomondan “Allo” degan ovoz eshitildi…

* * *

Katta ko‘chada mashinani yeldirib borarkanman, hozirgi suhbatimiz haqida o‘ylardim. “Erimga men bera olmagan baxtni in’om etgan ayolga nimalar deyman? Gapni nimadan boshlayman?”

Kasalxonaga borganimda tun yarmidan oqqan edi. Palataga kirib, uni yaqindan ko‘rdim. Parishon sochlari yostiqqa yoyilgan, ko‘zlari yoshlangan ayolning nigohi yerga qadaldi.

— Yaxshimisiz?

— Meni kechiring…

Shu payt unga nima deyishimni ham, uning oldiga nima uchun kelganimni ham bilmay lol edim. Bu ishimni uyimdagilar bilishsa, nima bo‘ladi? Meni g‘ururi yo‘q, bo‘sh-bayov ayol deb o‘ylashi aniq. Ayniqsa, Vasila opam…

Ruxshonaning aytishicha, erim unga yangi hovli bahona ilakishib qolgan ekan.

— Avvaliga “Ustalarga ovqat qilib berasan”, deb yuruvdi. — Ruxshona yig‘lab yubordi.

Men indamay palatadan chiqib ketdim. Yo‘l-yo‘lakay “Nega bordim?” degan savol meni qiynayverdi. Uyga kelganimda erimning tashqarida sigaret chekib turganini ko‘rdim. Meni ko‘rib ko‘ngli joyga tushdi, shekilli, ichkariga kirib ketdi. Men ham uning ketidan kirdim. Umrimda birinchi marta o‘zim ishongan bu kimsadan nafratlanar, uning qilayotgan har bir xatti-harakati g‘ashimga tegardi.

— Istasang, ajrashamiz…

Jonim bo‘g‘zimga kelgandek bo‘ldi.

— Nima dedingiz?

— Seningcha, bu voqeadan keyin qanday birga yashashimiz mumkin?

— Siz shuni kutayotganmidingiz? Mayli, nima desangiz shu. Bunday yashagandan ko‘ra…

Xullas, ajrashishga ariza berdik.

Erim yangi hovliga ketdi. Endi bu uyda uni ushlab turadigan hech narsa yo‘q edi.

Mana, yana o‘sha hovlida yolg‘izman. Ishga ham bormay qo‘ydim. Hayotning qizig‘i qolmagandi men uchun. Kundoshimning o‘sha kungi holatiyu, do‘ppayib turgan qorni ko‘z oldimdan ketmasdi.

Oradan to‘rt oy o‘tdi. Vasila opam yana qo‘ng‘iroq qildi.

— Bilasanmi, vijdonim qiynalyapti… — dedi opam so‘lg‘in ohangda. — Senga o‘sha gapni aytmaganimda, boshlab bormaganimda, balki hozir ering bilan birga yashayotgan bo‘larmiding. Balki, o‘sha gapdan xabaring bo‘lmagani ma’qulmidi?

— Yo‘q, aslo xafa bo‘lmang. Men buni ko‘tarolmasdim. Erimning ikkiyuzlamachiligini kechirmayman…

— Zeriksang, biznikiga kel.

Shu bilan gapimiz uzildi. Men kelinlik davrimdagi suratlarni tomosha qilib, dam jilmayar, dam yig‘lardim. Keyin… keyin hammasini tashqariga olib chiqdim-da, yoqdim. Olov gurillagan sari negadir yengil tortardim, jilmayib tushgan rasmlarimiz bujmayib kulga aylanaverardi.
Bir kuni Vasila opam gap topib keldi. Ruxshona o‘g‘il ko‘ribdi. Erimning og‘zi qulog‘ida bo‘lsa kerak. Endi bemalol ajrashaman. Men ham o‘z hayotim bilan yashashim kerak. U uchun sarflagan umrimni eslasam, ko‘nglim g‘ash bo‘laverardi. Sud tezroq o‘tsa…

* * *

Mana, erimsiz yashayotganimga ham uch yil bo‘ldi. Bolasi ham katta bo‘lib qolgandir. Bir kuni ishdan qaytayotsam, darvoza oldida turgan mashinaga ko‘zim tushdi. Qadamimni tezlatdim. Biror kim kelgan bo‘lsa ancha paytdan beri kutib o‘tirgandir. Mashinadan tushgan odamga tikilib qarasam, erim ekan. Ozib ketibdi.

— Assalomu alaykum, — dedim zo‘rg‘a.

— Va alaykum, yaxshimisan?

— Bir navi, keling, xush ko‘rdik.

— Komila, meni… Meni kechir, agar kechirolsang…

Taqqa to‘xtab, unga tikildim.

— Ruxshona meni tashlab ketdi. Bilasanmi, hatto bola ham mendan emas ekan. Ular meni laqqa tushirishdi. Yangi hovlini unga hadya qilgandim. Hovlini sotib yuborishibdi. Uning eri boshqa ekan. Bir kechada hamma narsamdan ayrildim.

Shundagina yerga tikilib, o‘zini ma’suma qilib ko‘rsatgan ayolning asl basharasini bildim. Shunchaki, unga pul, vaqtini o‘tkazish uchun erimga o‘xshagan bir ermak kerak ekan. Mana, erim qarshimda yosh boladek yerga qarab turibdi. Hech narsa demaydi, jim. “Balki, u ham men singari o‘tkazgan umriga achinayotgandir? Uni kechirsammikin? Qanday qilib?”

Indamay ichkariga kirdim. Tongda derazadan qarasam, mashina hali ham turibdi. Odamgarchilik yuzasidan uni ichkariga taklif qilib, choy damlab bermoqchi bo‘ldim. Ammo “U menga xiyonat qildi-ku”, degan xayol boshimda charx uraverardi. Agar hozir men bo‘lmaganimda, erim u bilan nonushta qilayotgan, o‘ziniki emas, o‘zganiki bo‘lgan baxtni meniki deb quchgan, unga ishongan bo‘lardi.

Kechga yaqin erim ketdi. “Balki, kutish joniga tekkandir?” degan xayolga bordim. Ammo oradan yana ikki kun o‘tib, qaynog‘am bilan birga keldi.
— U tavbasiga tayangan, kelin, — deya gap boshladi qaynog‘am. — Hammamiz ojiz bandamiz. Sizni shuncha yil aldab kelgani uchun rosa ta’zirini berdim. Nima bo‘lgandayam bir-biringizga ko‘ngil qo‘yib, turmush qurgansizlar. Uni kechiring, shu uyga kirib-chiqib tursa bas. Har holda siz ham yolg‘izsiz. Odamlar hozir oyoq bilan emas, tili bilan yuradigan bo‘lishgan… Yaxshilab o‘ylang, hech narsa bo‘lmagandek yashash qiyin, albatta. O‘rningizda boshqa ayol bo‘lganida haydab solardi. Ammo biz sizga ishonamiz. Onam rahmatli ham “Mendan keyin ularni tashlab qo‘yma”, degan. So‘zim — so‘z. Agar biror nojo‘ya gap gapirsa, o‘zim uning bu yerga kelishi tugul, sizni ko‘rishiga ham ruxsat bermayman. Bu yerlardan umuman ketadi.

Shu so‘zlardan keyin erim yig‘lab yubordi. Erkak kishining yig‘lashini birinchi marta ko‘rishim edi. Ko‘nglim yumshab ketdi.

— Xo‘p, ana, pastdagi xonalardan biriga joylashsin. Ammo bu haqda biznikilar bilmasin.

— Baraka toping, kelin. Ilohim, niyatingizga yeting… — qaynog‘am uzoq duo qildi.

Erim ichkari xonaga kirib ketdi. Men esa ishga otlandim.

Har kunimiz shunday o‘tardi. Toki…

Bir kuni qaynog‘am gap topib keldi:

— Kelinoyingiz bilan maslahatlashib, o‘g‘lim Jamolning shu yerga kelini tushiradigan bo‘ldik. Agar qarshi bo‘lmasanglar, albatta, bilasiz, domda biroz siqilib qolganmiz, buning ustiga yana ikkita o‘g‘lim bor…

Bu xabardan xursand bo‘ldim. Endi uyimizga kelin kelib, hovlimizga fayz kiradi. Bir zumda ustalar hammayoqni ag‘dar-to‘ntar qilib tashlashdi. Ta’mirtalab bo‘lib qolgan uyimizga jon kirgandek edi. Erim ustalar bilan andarmon, ular bilan ancha ovundi. Uning yuziga yana tabassum qaytganidan men ham baxtiyor edim. Ta’mirlash ishlar tugagach, kelinning sarpolari keldi. Xuddi o‘zim kelin tushirayotgandek ichimga sig‘masdim. Ovsinim bilan opa-singillardek dam u bozorga, dam bu bozorga borib charchamasdik.

Hammasidan ham qizig‘i to‘y kuni bo‘ldi. Qaynonalarni chaqirish marosimida ovsinim o‘zi chiqishning o‘rniga meni chiqarib, “Bugundan boshlab kelinimning qaynonasi bu kishi bo‘ladi, issiq-sovug‘i ham, og‘ir-engili ham uniki”, dedi. Ko‘zlarimdan oqqan shashqator yoshni artarkanman, kelinning peshonasidan o‘pdim. Nogahon ko‘zim bir burchakda men singari ko‘z yosh to‘kayotgan erimga tushdi.

Bugun o‘tayotgan kunimga shukronalar aytib yashayapman. Kelinimning yugurib-elib xizmat qilishiyu, o‘g‘limning doimo qo‘li ko‘ksidaligidan ko‘zim quvnaydi. O‘tgan kunlarni esa aslo eslagim yo‘q. U damlarni hayotimning qora kunlari sifatida xotiramdan ham, hayotimdan ham butkul o‘chirganman. Oilaning butunligiga, tinchligiyu xotirjamligiga ne yetsin?

Поделись с друзьями:

- Добавлен: Moqina.Net
- Дата публикации: 12.11.2017 15:49
- Категория: Xayotiy Xikoyalar!
Рекомендуем
Ta'sirli
konglim buzukib ketti (((

Izoh yozib qoldirishni unutmang, sizning izohingiz bizning ishlash darajamizni oshiradi.

Имя:
Почта:
Код:

Реклама LOWER
НАЗАД
ГЛАВНАЯ

WEB | Copyright Design by ISLIMBEK
Design version 19.00

Мы в социальных сетях:


Создать бесплатный сайт с uCoz